G‘arb o‘lkalaridan birida bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan odam ertadan kechgacha qochish rejasini tuzish bilan band bo‘lardi. Qamoqxona hovlisi, o‘z kamerasi, ish joylari - hamma joy juda yaxshi himoyalangan, qochib ketishning chorasi yo‘q edi. Bir kuni hovlida aylanib yurgan ekan, mashinaga yuklanayotgan tobutlarni ko‘ribdi-yu, xayoliga qochish fikri kelibdi. (U yoqda tobutning hamma tarafi mahkamlangan bo‘ladi) Qamoqxona juda ham katta bo‘lgani sababli u yerdan har kuni 2-3 mahkumning jasadi chiqarilar edi. Mahkum qamoqxona qo‘riqchilaridan biriga juda katta miqdorda pul berib, buning evaziga jasadlar chiqariladigan kuni tobutlardan birining ichiga yashirib qochirishni taklif qilibdi. Boshida qo‘riqchi qo‘rqqanidan rad etgan bo‘lsa-da, pulning kuchi ustunlik qilibdi. Shunday qilib, u qo‘riqchi bilan kelishuvga erishibdi. Reja bo‘yicha mahkum tunda tobutning ichiga kirib olishi, tobut qabrga joylangach esa qo‘riqchi mozorga borishi va uni qutqarib olishi kerak edi. Shu sababli qo‘riqchi mahkumga murdalar saqlanadigan xonaning kalitini yasatib beribdi. Reja pishitilgach, uni amalga oshirishga kirishishibdi. Tun qorong‘usida mahkum murdalar saqlanadigan xonaga yashirincha kirib, bir tobutni ochibdi-da, siqilishib, jasadning yoniga kirib olibdi. Tongda mas’ul qo‘riqchilar tobutlarni mashinaga yuklab, qabristonda nomigagina diniy marosim o‘tkazishibdi-da, tobutlarni ko‘mib ketishibdi. Mahkum tobutning ichida sabrsizlik bilan o‘zi kelishgan qo‘riqchini kuta boshlabdi. Oradan ancha vaqt o‘tsa-da, qo‘riqchidan xabar yo‘q edi. Mahkumda biroz qo‘rquv paydo bo‘libdi. Bu yerdan o‘zim chiqa olarmikanman degan o‘y bilan cho‘ntagidan chaqmog‘ini chiqarib yoqibdi-da, yon-verini ko‘zdan kechira boshlabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yonida yotgan murda u bilan kelishgan qo‘riqchi ekan. |